Vah, qutulmoqlik gumondir bargi xazondek ham yotib,
Nozaninlar sayr etarda nozik oyog'iga botib,
Iltifot qilg'ay yana shirin-shakar so'zlar topib,
Bu ne sorig' barg ekan, deb olg'ay ro'molig'a taqib,
Yuzu ko'zidin yiroqroq ko'rmadim o'zni hamon.
Men sanamlardan necha qochsam-da, oxir topdilar,
Ro'yi afgorim ko'rib, qayg'u-alamg'a botdilar.
Qop-qaro tun sochlarin jonsiz tanamg'a yopdilar,
Lab qo'yib suvsiz labimg'a Iso sifat uyg'otdilar,
Jonim o'rtandi yana labga lab yetgan zamon.
Ushbu holim anglag'ach borg'il dedi piri mug'on,
Xonaqoh mehrobida topg'il o'zing, bo'lg'il omon,
Sajda ayla Haq yo'lida, qalbingda qolmas der gumon,
Xonaqoh mehrodida, e, voh, ko'zim surtgan zamon,
Zarralardan termulib turgay sanamlar men tomon,
Shul gumon bordim maning qalbimda doim begumon,
Bu gunomdan lahza ham qalbim topolmas hech omon.
ESHIGINGDAN O‘TARMAN BIR KUN
Kuz kelsa ham shoshib biz tomon,
Qor bossa ham borliqni butkul,
Ko'klam kelib ursa ham handon,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
Sochlarimga tushsa hamki oq,
Peshonamni bossa ham ajin,
Kirganda ham gavdamga titroq,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
Mayli shunda tanimasang ham,
Va ko'rmayin desang ham turqim,
Yoshim yutib, boshim qilib ham,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
Vaqtim yetib chiqsa ham jonim,
Va darg'amga yasalsa yakun,
Qabristonga tobut ichra jim,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
GUL ICHIDA UCHRATDIM
Gul ichida uchratdim, misli guldek jamoling,
Kuydirmagin nigorim, o'zi kuygan bu jonim.
Gul ichida gulmisan, yoki shirin tilmisan,
Yo gullarning ichida sayragan bulbulmisan
Gul ichida gul bo'lsang, bulbuling man bo'loyin
Agar sen bulbul bo'lsang, bog'da guling bo'loyin.
Beri kelgil ey go'zal, sevgi izhor etayin,
Beri kel so'zi asal, jamolingga to'yoyin.